Bugun, 2025-yil 22-may kuni “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmatining xabar berishicha, Ostona shhahrida Qozog‘istonning “KEGOC” elektr energetika kompaniyasi mezbonlik qilayotgan Markaziy Osiyo elektr energetika Muvofiqlashtiruvchi kengashining 43-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislar ham ishtirok etmoqda.
Xalqaro tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasi, “O‘zenergosotish” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati hamda mutaxassislari, shu bilan birga, Tojikistonning “Barki Tochik” energetika kompaniyasi, Qirg‘izistondan “Qirg‘iziston magistral elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati hamda xodimlari, bundan tashqari, bosh ofisi Toshkentda joylashgan “Energiya” muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi mutaxassislari ishtirok etishmoqda. Rossiya Federatsiyasi vakillari esa kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda.
Maʼlumot o‘rnida: Markaziy Osiyo energetika tizimlarining hamkorlikdagi faoliyatini muvofiqlashtirish, yoqilg‘i-energetika resurslaridan kompleks foydalanishni taʼminlash, energetika sohasida xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi shartnomalarni amalga oshirish bo‘yicha maslahat organi hisoblanadi.
Xalqaro tadbirda 2025/2026-yil kuz-qish mavsumida Markaziy Osiyo elektr energetika halqa tizimida elektr taʼminoti barqarorligini taʼminlash uchun zarur amaliyotlar, kaskadli o‘chishlarning (blek-aut) oldini olish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr energetika tarmog‘iga ulash va ularni to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish, shuningdek, 2025-yil vegetatsiya davrida suv resurslarini gidroinshootlar orqali oqilona boshqarish, yaʼni mintaqada suv resurslaridan oqilona foydalanish istiqbollari muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, mintaqada barpo etilayotgan yangi energiya stansiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr energetika umumtizimiga integratsiya qilish hamda ulardan maqsadli foydalanish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashinilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning 45-yig‘ilishida 2025/2026-yil kuz-qish mavsumida kutilayotgan muammolar va ularning yechimlari hamda boshqa muhim masalalar ishchi tartibda muhokama etilgan.
Maʼlumot o‘rnida Markaziy Osiyo elektr energetikani muvofiqlashtiruvchi kengashining 41-yig‘ilishi 2024-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan edi.
https://www.uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/6558
https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/6558
https://www.uzbekistonmet.uz/ru/lists/view/6558
https://t.me/uzmetaxborotxizmati/36962
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati