
O‘lkamizda bahor faslining dastlabki kunlariga mos bo‘lgan iqlim sharoitii hukm surmoqda. Hademay yangilanish faslining iliq kunlari boshlanadi.
✅ Yurtimiz sarhadlariga iliq ob-havo kirib kelishi bilanoq, mamlakatimiz dehqonlari-yu bog‘bonlari dala-yu bog‘larni yangi mavsumga tayyorlashni boshlab yuboradi. Qishloq xo‘jaligi xodimlari, fermerlar ekin maydonlarida mavsumiy agrotadbirlarni boshlashga hozirlik ko‘radi. Ekin maydonlari va bog‘lar o‘tgan yilgi xas-xashak, o‘t-o‘lan qoldiqlaridan tozalanadi.
❗️ Shu munosabat bilan magistral elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatuvchi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati yurtimiz dehqon va fermerlariga quyidagi murojaatni eʼlon qiladi:
«Aziz fuqarolar, hurmatli isteʼmolchilar! Yurtimiz zahmatkash dehqon va fermerlari!
Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlariga tutash ekin maydonlarida mavsumiy agrotadbirlarni tashkil etishda eʼtiborli bo‘ling! Magistral elektr tarmoqlari muhofaza zonasi va yuqori kuchlanishli podstansiyalar yaqinida chiqindilarni to‘plash hamda olov yoqish taqiqlanadi!»
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida“gi qaroriga muvofiq, elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarining barqaror ishlashi uchun, "muhofaza zonalari"da ekologik zarar va yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan biron-bir harakatni sodir etish taqiqlangan.
Xususan,
1️⃣ Birinchidan, elektr uzatish havo liniyalari simlariga va tayanchlariga begona predmetlarni tashlash (otish), shuningdek, elektr uzatish havo liniyalari tayanchlariga ko‘tarilish taqiqlanadi. Yaʼni temir-beton va metall konstruksiyali tayanch ustunlariga chiqish, tayanch ustunlarining tarkibiy elementlariga shikast yetkazish, ularning metall bo‘laklarini yechib olish, mustahkamligiga putur yetkazish, shuningdek, tayanch ustunlari ostini yumshatish mumkin emas.
2️⃣ Ikkinchidan, elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlariga yurib o‘tish va transport vositasida o‘tish joylariga har qanday obyektlarni, predmetlarni (materiallarni) joylashtirish taqiqlanadi. Yaʼni navbatchi brigada va qurilish-montaj guruhi xodimlari, ularning avtotransport vositalari hamda taʼmirlash-sozlash mexanizmlari harakatiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday jism va predmetlarni “muhofaza zonasi” maydoniga joylashtirish mumkin emas.
3️⃣ Uchinchidan, elektr uzatish havo liniyalari muhofaza zonasi doirasida, shuningdek, elektr uzatish kabel liniyalarining muhofaza zonalarida olov yoqish taqiqlanadi. Yaʼni elektr uzatish liniyalari muhofaza zonasi hamda podstansiyalar yaqinida qishloq xo‘jaligi ekinlari qoldig‘ini to‘plash va yoqish mumkin emas.
✍️ Huquqiy asos
⇒ Shu bilan birga, elektr uzatish havo liniyalari "muhofaza zonasi" maydonida ko‘plab odamlar yig‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday tadbirlarni o‘tkazish; muqim va ko‘chma savdo rastalarini tashkil etish, chiqindixona tashkil etish, axlatxonalarni joylashtirish-yig‘ish; yoqilg‘i-moylash materiallarini tashlash, ularni saqlash va quyishni amalga oshirish taqiqlanadi!
‼️ Eslatib o‘tamiz, "muhofaza zonalari"da taqiqlangan ishlar, jumladan yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun amaldagi qonunchilikka binoan javobgarlik mavjud.
⚡️ Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi!
⚠️ Eʼtibor bering, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son qarori, 3-bob, 13-bandiga muvofiq Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlari – ushbu elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlari o‘z ixtiyorida bo‘lgan korxonalar tomonidan muhofaza qilinishi belgilab qo‘yilgan.
⚠️ Qarorning 14-bandida elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarining "muhofaza zonalari" masofasi — elektr uzatish liniyalarining kuchlanish miqdoriga mos tarzda belgilab berilgan va ular quyidagicha:
► 35 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun – 15 metr;
► 110 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun – 20 metr;
► 220 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun – 25 metr;
► 500 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun – 30 metr.
Eslatib o‘tamiz, elektr uzatish havo liniyalari bo‘ylab — chetdagi simlardan, ularning og‘magan holatida elektr uzatish liniyasining ikkala tomoni bo‘ylab, elektr uzatish liniyasi tayanchi balandligiga mos bo‘lgan balandlikdagi masofaga ega parallel vertikal tekisliklar bilan chegaralangan yer uchastkasi va havo makoni qismi — elektr uzatish liniyalarining “muhofaza zonasi” deb ataladi.
Maʼlumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Magistral elektr ttarmoqlari filiallari tasarrufidagi elektr tarmoqlarining "muhofaza zonalari" hududlarida 2026-yil 5-yanvar holatiga aniqlangan noqonuniy qurilmalar soni 1095 tani tashkil etgan. Aniqlangan ushbu qonun buzilishi holatlari vakolatli organlar tomonidan amaldagi tartibda bartaraf etilmoqda.
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati