2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati matbuot kotibi yurtimiz dehqon va fermerlariga murojaat bilan chiqdi
  • 17.03.2026
  • 5

O‘lkamizda bahor faslining iliq kunlari boshlandi. Yurtimiz sarhadlariga iliq ob-havo kirib kelishi bilanoq, mamlakatimiz dehqonlari-yu bog‘bonlari dala-yu bog‘larni yangi mavsumga tayyorlashni boshlab yuboradi. Qishloq xo‘jaligi xodimlari, fermerlar ekin maydonlarida mavsumiy agrotadbirlarni boshlaydilar. Ekin maydonlari va bog‘lar o‘tgan yilgi xas-xashak, o‘t-o‘lan qoldiqlaridan tozalanadi.
Shu munosabat bilan magistral elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatuvchi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati yurtimiz dehqon va fermerlaridan quyidagi xavfsizlik talablariga rioya qilishlarini so‘raydi. 
«Aziz fuqarolar, hurmatli isteʼmolchilar! Yurtimizning zahmatkash dehqon va fermerlari! 
Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlariga tutash ekin maydonlarida mavsumiy agrotadbirlarni tashkil etishda eʼtiborli bo‘ling! Magistral elektr tarmoqlari muhofaza zonasi va yuqori kuchlanishli podstansiyalar yaqinida chiqindilarni to‘plash hamda olov yoqish taqiqlanadi!»

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida“gi qaroriga muvofiq, elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarining barqaror ishlashi uchun, "muhofaza zonalari"da ekologik zarar va yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan biron-bir harakatni sodir etish taqiqlangan.

Shuningdek,

Birinchidan, elektr uzatish havo liniyalari simlariga va tayanchlariga begona predmetlarni tashlash (otish), shuningdek, elektr uzatish havo liniyalari tayanchlariga ko‘tarilish taqiqlanadi. 
Ikkinchidan, elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlariga yurib o‘tish va transport vositasida o‘tish joylariga har qanday obyektlarni, predmetlarni (materiallarni) joylashtirish taqiqlanadi. 
Uchinchidan, elektr uzatish havo liniyalari muhofaza zonasi doirasida, shuningdek, elektr uzatish kabel liniyalarining muhofaza zonalarida olov yoqish taqiqlanadi
Shu bilan birga, elektr uzatish havo liniyalari "muhofaza zonasi" maydonida ko‘plab odamlar yig‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday tadbirlarni o‘tkazish; muqim va ko‘chma savdo rastalarini tashkil etish, chiqindixona tashkil etish, axlatxonalarni joylashtirish-yig‘ish; yoqilg‘i-moylash materiallarini tashlash, ularni saqlash va quyishni amalga oshirish taqiqlanadi!

Eslatib o‘tamiz, "muhofaza zonalari"da taqiqlangan ishlar, jumladan yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun amaldagi qonunchilikka binoan javobgarlik mavjud. Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi!

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati